Muammo, murojaat, yechim - Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga 5+

© Sputnik / Aleksey TixomirovRaxmatova Dilshoda
Raxmatova Dilshoda - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Muxbirimiz rasmiy portal orqali Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi

TOShKENT, 30 sen – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasi tashkil etilganiga endigina 10 kun bo‘ldi. Sputnik O‘zbekiston muxbiri virtual qabulxonaga murojaat etib, qabulxona faoliyati a’lo darajada yo‘lga qo‘yilganiga shaxsan ishonch hosil qildi.

Muxbirimiz rasmiy portal orqali Bulung‘ur tumanida bolalar sport yoki musiqa bilan shug‘ullanishlari uchun yetarlicha sharoit yaratilmagani haqida murojaat qildi.

"Men o‘g‘limning sport bilan shug‘ullanishini istayman, lekin sport maktabi uyimizdan 30 kilometr narida joylashgan. U yerga har kuni o‘g‘limni olib borgani imkoniyatim yo‘q, bir o‘zini yuboray desam u juda yosh. Shu bois Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaat yo‘lladim. Oradan ikki kun o‘tgach, tumanimiz hokimiyatidan vakillar kelishib, muammo bilan tanishib chiqishdi va o‘g‘limni tuman hokimiyati yaqinidagi "Barkamol avlod" bolalar markaziga olib borishim mumkinligini aytishdi.

Murojaat qilayotganimda ushbu muammoim hal bo‘lishiga ishonmagandim. Chunki ilgari bu masalada tuman hokimligiga murojaat qilib hech qanday javob olmaganim, muammoning zudlik bilan hal etilish mumkinligiga duch kelmaganim bois  bunday tezkorlikni kutmagandim.

Muammoim tezkorlik bilan ijobiy hal bo‘lgani uchun Shavkat Miromonovichga minnatdorlik bildiraman. Ishonch bilan aytishim mumkinki, virtual qabulxona a’lo darajada ishlamoqda!", — dedi muxbirimiz.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Mirziyoyevning virtual qabulxonasi qanday ishlamoqda?
Bosh vazirning virtual qabulxonasi ish boshlagani haqidagi xabar chop etilganida, turli sansalorliklarga duch kelaverib hafsalasi pir bo‘lganlar ishonchsizlik bilan qo‘l siltagani tabiiy. Zero, shikoyat yoki arizaning pastdan yuqoriga qarab harakatlanishi jarayonida muammoning ijobiy hal bo‘lishidan ko‘ra vaqtning bekorga sarflanishi, asablarning yemirilib tugashi ko‘proq uchraydi. Ammo biz yuqorida qalamga olgan mavzu buning mutlaqo aksi.

Virtual qabulxonaning Facebookdagi sahifasida ham hal etilgan ko‘plab muammolar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish mumkin. Bosh vazirga minnatdorlik bildirib yozilgan maktublar ham bisyor.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi-Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasi 24-sentabr kuni tashkil etilgan bo‘lib, (0 800) 210-0000 yoki 1000 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish (qo‘ng‘iroq respublika bo‘yicha bepul, faqatgina statsionar telefonga qo‘ng‘iroq qilish narxi bo‘yicha haq olinadi), xat yuborish (pm.gov.uz veb-saytida keltirilgan shaklni to‘ldirish orqali) yoki “O‘zLiDeP” hududiy partiya tashkiloti Kengashiga tashrif buyurish orqali murojaat qilish mumkin.

Yangiliklar lentasi
0