TOShKENT, 3 okt — Sputnik. O‘zining ishchi tashrifi doirasida davlat rahbari vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Sirdaryodagi bir qancha tumanlarda bo‘ldi, yangi korxonalarning ishga tushirilishi, IES modernizatsiyasi hamda paxta-yig‘im terimi ishlari bilan tanishdi, deb xabar beradi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Respublika bosh vaziri Shirin shahrida joylashgan, O‘zbekiston energetika tizimining markaziy qismida iste’molchilarni elektr bilan ta’minlovchi asosiy manba hisoblanadigan mintaqadagi eng yirik Sirdaryo IESga bordi. Sirdaryo IES har birining quvvati 300 megavattga teng bo‘lgan 10ta energoblokdan iborat (umumiy quvvati – 3050 megavatt). Stansiya har yili respublikaning yagona energetika tizimiga 16,1 milliard kilovatt-soat yoki O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning 32 foizini beradi.
IESda energiya obyektlarini modernizatsiya qilish dasturiga asosan 2014-yil iyulidan 2015-yil martiga qadar ikkita energoblok modernizatsiya qilindi. Shavkat Mirziyoyev mutaxassislar bilan mavjud energobloklarni texnik qayta ta’mirlash hisobidan IES quvvatlarini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Xususan, hukumat rahbari IES ishi samaradorligini oshirish va ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi tannarxini tushirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Mirziyoyev shuningdek, iste’mol qilingan energiya haqining vaqtida to‘lanishiga erishish uchun elektr energiyani hisoblashni avtomatlashtirishni joriy qilishni tezlashtirish masalasiga ham e’tibor qaratdi.
Shavkat Mirziyoyev shuningdek, viloyat markazi Guliston shahrida 1-oktabr kuni ishga tushirilgan «Guliston Medtexnika» O‘zbekiston–Britaniya qo‘shma korxonasiga tashrif buyurdi. Korxona yiliga 216 million dona bir martalik shpris va 26 million infuzion tizimlar chiqaradi. Korxona mahsulotlari ham ichki, ham tashqi bozorga (MDH mamlakatlariga) eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Korxonada 210ta ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, ularning yarmini kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari tashkil etadi.
Prezident vazifasini bajaruvchi Gulistondagi kam ta’minlangan oilalar uchun zamonaviy ko‘p qavatli turar joylar qurish loyihalari bilan ham tanishib chiqdi. Bu majmualar imtiyozli kreditlar asosida topshirilishi rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev mahalliy fermerlarni ham e’tibordan chetda qoldirmadi. U Guliston tumanidagi paxta dalalarida bo‘lib, yig‘im-terim ishlarining borishi bilan tanishdi, fermerlar bilan hududdagi yerlarning hosildorligini oshirish, zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikasini qo‘llash borasida suhbatlashdi.
Shuningdek, Mirziyoyev mahalliy aholi bilan infrastrukturani rivojlantirish, energiya ta’minoti va uy-joy bilan ta’minlanish masalalarini muhokama qildi.
Tashrif yakunida Shavkat Mirziyoyev viloyat rahbariyati va faollarini Bosh vazirning virtual qabulxonasiga ushbu hududdan kelib tushgan fuqarolar murojaatlari bilan tanishtirdi. Xususan, mas’ul shaxslarga tegishli masalalarni ko‘rib chiqish va zudlik bilan hal etish topshirildi.