TOShKENT, 3 okt — Sputnik. AQShning nodo‘stona harakatlari strategik barqarorlik vaziyatini o‘zgartirishi, yadro qurolini qisqartirish imkoniyatlarini cheklashi mumkin, deyiladi Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning TIV saytida joylashtirilgan izohida, deb xabar beradi RIA Novosti.
"Afsuski, keyingi vaqtda AQSh Rossiyaga nisbatan qator nodo‘stona harakatlarni amalga oshirdi. Xususan, o‘ylab topilgan bahonalar orqali Rossiyaga nisbatan keng miqyosli iqtisodiy va boshqa sanksiyalar kiritildi. Rossiya chegaralari yaqinida NATO harbiy infrastrukturasi va amerikalik harbiylar sonining o‘sishi boshlandi. AQSh va uning ittifoqchilari ochiqchasiga, hech uyalmasdan Rossiyaga nisbatan "to‘xtatib turish" siyosatiga o‘tilganini bildirishmoqda. Hattoki Rossiya shaharlarida teraktlar uyushtirilishi bilan tahdid qilishmoqda", — deyiladi hujjatda.
"Vashington tomonidan sodir etilayotgan barcha bunday harakatlar strategik barqarorlik borasidagi vaziyatning tubdan o‘zgarishiga olib keladi va yadro qurollarini qisqartirish bo‘yicha Rossiya-Amerika hamkorligi uchun imkoniyatlarni tobora qisqartiradi", — deyiladi Rossiya TIV rahbarining izohida.