TOShKENT, 1 okt — Sputnik. Tadbirda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari, Toshkent shahri va viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi mutasaddilari va xodimlari, faollar hamda taniqli siyosatshunos va olimlar ishtirok etdilar, deb xabar qilmoqda federatsiya matbuot-xizmati.
"Sizdan ozod va obod Vatan qoldi" deb nomlangan mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasining 25-yillik tarixi Birinchi Prezident Islom Karimov nomi bilan chambarchas bog‘liq ekanligi e’tirof etildi, deyiladi xabarda.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zbek xalqini nafaqat mustaqillikka olib chiqqani, balki uni mustahkamlash yo‘lida butun borlig‘ini baxshida etgani alohida ta’kidlandi.
Mustaqillik tufayli o‘zbek xalqi o‘zligini topgani, dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgani, bugun O‘zbekiston bayrog‘i xalqaro maydonda, jahon arenalarida hilpiraganda ko‘ksimiz g‘ururga to‘lishi, bularning barida Islom Karimovning xizmatlari beqiyos ekanligi e’tirof etildi.
Istiqlol asoschisi bo‘lgan Islom Karimov tomonidan O‘zbekiston taraqqiyoti, yurt obodligi, xalq farovonligi yo‘lida amalga oshirilgan ishlar mangulikka muhrlanib qoladi.