TOShKENT, 1 okt — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev Moskva shahridagi Markaziy klinik shifoxonadan chiqdi.
"Prezident davolanish muolajalarini olib bo‘ldi. Uning ahvoli yaxshi, tibbiy muolaja natijalari ham yaxshi. U shifoxonadan chiqdi", — deb xabar qilgan RIA Novosti nashriga Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi matbuot-kotibi Gulbarchin Boyimbetova.
Ayni vaqtda Atambayev Qirg‘izistonga uchishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, ammo uning samolyoti qaysi vaqtda havoga ko‘tarilishi hozircha ma’lum qilinmayapti.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq Nyu-Yorkka uchib ketayotgan Qirg‘iziston prezidenti samolyoti Turkiyada to‘xtagan vaqtida Atambayev o‘zini yomon his qilib qolgani haqida xabar bergan edik. Atambayev ko‘kragida og‘riqni his qilayotganidan shikoyat qilgan va birinchi ko‘rikdan so‘ng unda yurak kasalligi belgilari aniqlangan. Shundan so‘ng shifokorlar Atambayevga chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o‘tishni maslahat berganlar.