TOShKENT, 29 sen – Sputnik. Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo davlatlari tadqiqot markazida joriy yilning 4-dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi "Jahon" axborot agentligi.
Tadbirda Xitoy ekspert-akademik davrasi vakillari, shuningdek, ShXTU o‘zbek tili kafedrasi mutaxassislari ishtirok etdilar.
Brifing davomida ishtirokchilar saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha faol saylovoldi kampaniyasi boshlanganligi, kuzatuvchilarning, davlat rahbarligiga o‘z nomzodlarini ilgari surgan siyosiy partiyalarning bu jarayondagi majburiyatlaridan xabardor bo‘ldilar.
Brifing ishtirokchilari O‘zbekistondagi Prezidentlik saylovlari borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdilar.
–2014-2015 yillardagi parlament va prezidentlik saylovlari monitoringida ishtirok etgan universitetimiz ekspertlari saylov jarayoniga jalb etilgan barcha tuzilmalarning aniq faoliyati, saylov tizimining umume’tirof etilgan xalqaro meyorlarga to‘liq mos kelishiga shaxsan ishonch hosil qilishgan. Ishonchim komilki, navbatdagi Prezidentlik saylovlari ham shaffof muhitda o‘tadi, barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratiladi, — dedi ShXTU partiya qo‘mitasi kotibi Szan Fen.
Markaziy Osiyo davlatlari tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari Yan Bo quyidagicha fikr bildirdi:
– Mustaqillik yillari davomida O‘zbekistonda ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy barqarorlik kuzatilmoqda. Keng miqyosdagi obodonlik ishlari hamda shahar va qishloqlar qiyofasini tabiat chiroyini saqlab qolgan holda zamonaviy inshootlar qurish orqali o‘zgartirish ishlari olib borilmoqda.
Har qanday rivojlangan demokratik davlatda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham bo‘lajak saylovlarda barcha siyosiy partiyalar vakillarining ishtirok etishlari ushbu jarayonning barcha ishtirokchilariga bir xil sharoit yaratish qoidasiga qat’iy amal qilinganligidan dalolat beradi. Aminmanki, bu safar ham barcha nomzodlar saylovoldi kampaniyasi jarayonida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishadi. Xususan, saylovchilarni mamlakatni ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘z qarash va harakat yo‘nalishlarini qamrab olgan saylovoldi dasturi bilan tanishtirish uchun bir xil hajmda efir vaqti va chop etish maydoni ajratiladi.
Ilgarigi saylovlarda respublika fuqarolarining faol ishtirok etganligi ularning davlatchilikni mustahkamlash, kuchli parlamentarizm institutini shakllantirish yo‘lida o‘z hissalarini qo‘shish istaklari hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan yuqori xohishlarini ko‘rsatib bergandi.