TOShKENT, 21 sen — Sputnik. 2016-yil 21-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bir qator OAV va agentliklar bilan saylovni yoritish bo‘yicha ikki tomonlama bitimlar imzoladi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi.
Saylovlarning ochiqlik, oshkoralik va transparentlik kabi demokratik tamoyillarga muvofiq holda o‘tkazilishida ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyat kasb etadi.
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi Qonunning 5-moddasi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga muvofiq ommaviy axborot vositalari saylov jarayonini keng yoritadi.
Bitimlarni imzolashga bag‘ishlangan tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov o‘tgan yillardagi saylov kampaniyalari mobaynida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlari haqida jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha katta tajriba to‘planganini ta’kidladi.
Imzolangan bitimlarni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritib borish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar uchun ularning saylovoldi dasturlari qoidalarini, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga taalluqli mustaqil nuqtayi nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazish uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda, shu jumladan, teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yo‘li bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor beriladi.