TOShKENT, 29 sen – Sputnik. Toshkentdagi Rossiya fan va madaniyat markazida (RFMM) joriy o‘quv yilida yagona davlat imtihoni (YeGE) topshirish bo‘yicha sertifikatlangan markaz ochiladi, deb ma’lum qildi Rossotrudnichestvo agentligi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Gujelya.
"Joriy yilda RFMM bazasida YeGE topshirish bo‘yicha yagona sertifikatlangan markaz tashkil etiladi" — dedi Gujelya. Uning fikricha, bu O‘zbekiston yoshlariga Rossiyada oliy ma’lumot olish uchun yangi imkoniyatlarni beradi.
"O‘zbekistonning bu yerdagilarning aksariyati bilmaydigan jiddiy ustunligi bor – har qanday o‘quvchi Rossiya YeGEni topshirib, imtihondan o‘tganlik sertifikati bilan Rossiyadagi oliy o‘quv yurtiga bepul ta’lim olish uchun o‘qishga kirishi mumkin", — dedi Rossotrudnichestvo rahbari o‘rinbosari. Gujelya shuningdek, oktabrda Rossotrudnichestvo "YeGEga tayyorlanish bo‘yicha bepul masofaviy kurslarni yo‘lga qo‘yishini va Rossiyadan tashqarida yashaydigan har qanday maktab o‘quvchisi bu kurslarga internet orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin"ligini bildirdi.
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotlariga qaraganda, 2015-yilda 4 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar Rossiya oliygohlariga o‘qishga yo‘l olishgan. Rossiyadagi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar soni bo‘yicha O‘zbekiston MDH davlatlari orasida birinchi o‘rinda turadi. Hozirda Rossiyada o‘zbekistonlik 12 ming talaba o‘qiydi, Toshkentda esa Rossiyaning uchta oliygohi – Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti va Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti filiallari faoliyat ko‘rsatadi.
Rossotrudnichestvo federal agentligi 2008-yilda tashkil etilgan. Uning maqsadi xalqaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish, gumanitar sohada uzviy hamkorlik qilish va chet davlatlarda Rossiyaning ijobiy imijini shakllantirishdan iborat.