TOShKENT, 29 sen – Sputnik. Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari armiya generali Valeriy Gerasimov MDH mamlakatlarini terrorizmga qarshi kurashda xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi, deb xabar beradi RIA Novosti.
"Hamdo‘stlikning tashqi chegaralaridagi vaziyat barqarorlikdan yiroqda ekanligini inobatga olgan holda oldimizda terrorizmning MDH hududiga tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslikdek umumiy vazifa turibdi", — dedi Gerasimov MDH davlatlari qurolli kuchlari shtab boshliqlarining yig‘ilishida.
U "yuzaga kelgan murakkab vaziyatda mudofaa va xavfsizlik borasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini" ta’kidladi. Gerasimov shuningdek, MDH formatidagi harbiy hamkorlik "keng miqyosli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro faoliyat yuritishni rivojlantirishga imkon berishini” aytdi.
Uning aytishicha, avgust-sentabr oylarida o‘tgan xalqaro armiya o‘yinlari, "Armiya-2016" harbiy-texnik forumi hamda 2016-yilda o‘tkazilgan boshqa o‘zaro tadbirlar MDH mamlakatlarining harbiy hamkorlik borasidagi istiqbol va imkoniyatlaridan darak beradi.
Bunday hamkorlikning huquqiy asosi esa, dedi Gerasimov, hamdo‘stlik mamlakatlarining 2020-yilgacha harbiy hamkorlik konsepsiyasi hisoblanadi. "Konsepsiyada qurolli kuchlarimizni kuchaytirish, milliy xavfsizlikni ta’minlash, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan va qo‘mitaning bugungi yig‘ilishi bu yo‘ldagi muhim qadamdir", — deb hisoblaydi Gerasimov.