TOShKENT, 28 sen – Sputnik. Ravshan Ermatov boshchiligidagi o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi Rossiya va Kosta-Rika terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvini boshqaradi, deb xabar beradi Rossiya futbol ittifoqi.
Rossiya terma jamoasining Kosta-Rika terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi 9-oktabr kuni "Krasnodar" futbol klubining Krasnodardagi yangi stadioni maydonida bo‘lib o‘tadi. Ermatovga Abdulhamidullo Rasulov va Jahongir Saidovlar yordam berishadi.
Ravshan Ermatov — o‘zbek futbol hakami va instruktori. O‘zbekistonda to‘qqiz bor, Osiyoda besh bor yilning eng yaxshi hakami deb topilgan, "Jahonda yilning eng yaxshi hakami" nominatsiyasida "Global Soccer Awards" mukofoti sohibi. 2013-yilda IFFHS talqini bo‘yicha dunyoning eng yaxshi hakamlari o‘nligiga kirgan. O‘zbekistondagi qator mukofot va ordenlar sohibi. Sobiq sovet davlatlari orasida bugungi kunda eng mashhur futbol hakamidir.