Latviyaning birinchi prezidenti O‘zbekiston haqidagi fikrlarini aytdi

© Sputnik / Oksana DzadanGuntis Ulmanis
Guntis Ulmanis - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
U O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan 1995-yil iyunidagi uchrashuvni ham yodga oldi

TOShKENT, 28 sen – Sputnik. Latviyaning birinchi prezidenti Guntis Ulmanis "Jahon" axborot agentligi muxbiri bilan suhbatda o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Suhbat avvalida Ulmanis O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 25-yillik ayyomi bilan qutlar ekan, bu voqea yangi hur mamlakat qurilishining, farovon hayot va jamiyat gullab-yashnashining, ma’naviy qadriyatlar qayta tug‘ilishining va milliy o‘zlikni anglab yetishning boshlanishi bo‘lganligini ta’kidladi.

U O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan 1995-yil iyunidagi uchrashuvni ham yodga oldi.

"Biz mustaqil mamlakatlarimiz qanday tarzda rivojlanishi kerakligi haqida fikr almashdik. O‘shanda Islom Karimov har bir davlat o‘z taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lishi lozimligini va u O‘zbekistonni agrar mamlakatdan sanoati rivojlangan zamonaviy davlatga aylantirish uchun bor kuchini sarflashini aytgandi. Islom Karimovning bir gapi yodimda qolgan. U yosh davlatning mustahkam oyoqqa turib olishi va muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun siyosiy barqarorlik, hukumatning qat’iy irodasi, tinchlik va xavfsizlikning ta’minlanishi zarur bo‘lishini aytgandi, — deydi Guntis Ulmanis. —Islom Karimovning barcha urinishlari, harakatlari natijasini bugun ko‘rib turibmiz – aholi farovonligi oshmoqda, sog‘liqni saqlash, ta’lim va sport sohasida yuksak ko‘rsatkichlarga erishildi, iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida keng miqyosdagi islohotlar o‘tkazildi, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘yi oshib bormoqda".

O‘zbekiston davlat mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlangan tadbir. - Sputnik O‘zbekiston
Dimitris Bakolas: O‘zbekistonda xavfsizlik va barqarorlik kafolatlangan

Latviyaning birinchi prezidenti shuningdek O‘zbekistonning Markaziy Osiyo hududidagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni beqiyosligini, tashqi siyosat borasida tutgan yo‘li puxta o‘ylangan tinchliksevarlik tamoyiliga asoslanganligini e’tirof etdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga to‘xtalar ekan, Ulmanis bu munosabatlar vaqt sinovidan o‘tgan, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash asosiga qurilganligini bildirdi. U o‘zbek taomlarini, meva-sabzavotlarini sevib iste’mol qilishini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida savdo, investitsiya, transport, ilmiy-texnikaviy, madaniy, sport va turizm sohalarida o‘zaro hamkorlikning huquqiy asoslari yaratilgan.

"O‘zbekiston havo yo‘llari" aviakompaniyasi "Eyr Baltik" aviakompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent va Riga o‘rtasida aviaqatnovni yo‘lga qo‘yganiga 10-yildan oshdi.

Hamkorlikning yana bir muvaffaqiyatli samarasi sifatida Toshkent issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilish doirasida quvvati 370 Mvtli bug‘-gaz qurilmasini o‘rnatish bo‘yicha umumiy qiymati 410 million AQSh dollariga teng bo‘lgan Latviya-O‘zbekiston loyihasining ishga tushirilishini aytish mumkin. Ushbu loyihada o‘zbekistonlik 700dan ortiq mutaxassislar ishtirok etdilar, mahalliy qurilish materiallaridan foydalanildi. Tez kunlarda bo‘lib o‘tadigan IESning ishga tushishiga bag‘ishlangan rasmiy marosimda Guntis Ulmanis shaxsan qatnashish istagini bildirdi.

Rio-de-Janeyrodagi Olimpiya parki - Sputnik O‘zbekiston
Rio Olimpiadasida g‘oliblik uchun eng ko‘p mukofot va’da qilgan 5 davlatdan biri - O‘zbekiston

Latviyaning birinchi prezidenti O‘zbekistonda sportga bo‘lgan e’tiborning yuksak darajada ekanligini e’tirof etish bilan birga o‘zbekistonlik sportchilarning Rioda bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlaridagi muvaffaqiyatlarini alohida ta’kidladi.

"O‘zbekiston barcha sohalarda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi deb ishonch bilan aytishim mumkin. O‘zbekistonni baxtli va yorqin kelajak kutmoqda, zero bu yerda buning uchun barcha sharoitlar mujassam", deya so‘zlariga yakun yasadi Guntis Ulmanis.

Yangiliklar lentasi
0