TOShKENT, 20-iyul — Sputnik. O‘zbekiston davlat mustaqilligining 25-yillik bayrami munosabati bilan xorijlik ekspertlar o‘zbek xalqiga o‘zlarining samimiy qutlovlarini yo‘llamoqdalar, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.
Xabarda aytilishicha, “Gretsiya — O‘zbekiston” jamiyati raisi Dimitris Bakolas O‘zbekistonda hukm surayotgan birdamlik va tolerantlik muhitiga yuqori baho berar ekan, mamlakat mintaqadagi va, umuman, butun dunyodagi eng barqaror davlatlardan hisoblanishini qayd etgan. Uning aytishicha, o‘zbek xalqi o‘zining mehmondo‘stligi, oqko‘ngilligi hamda boshqa millat va elat vakillariga nisbatan hurmati bilan nom qozongan.
"O‘zbekistonda ko‘p sonli greklar yashaydi, ular uchun munosib hayot kechirish kafolatlangan. Ular respublika rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqdalar. Shu bois mamlakatingiz turli millat va elatlar vakillari o‘rtasidagi birdamlik va bir-birini to‘g‘ri tushunish nuqtayi nazaridan boshqalarga namuna bo‘lishi mumkin.
Ushbu fursatdan foydalanib, o‘zbek xalqini ostonada turgan qutlug‘ sana — mamlakat davlat mustaqilligining 25-yillik yubiley bayrami bilan samimiy muborakbod etaman. Do‘st O‘zbekistonga bardavom tinchlik, farovonlik va taraqqiyot hamda suveren rivojlanish yo‘lida yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilayman", — deb tabrik yo‘llagan Dimitris Bakolas.