TOShKENT, 28 sen — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2016-yilning 9-sentabridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi rasman boshlanganini e’lon qildi.
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi qonunga 2015-yil 29-dekabrda kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalari O‘zbekiston Respublikasi jami saylovchilar umumiy sonining 5 foizidan 1 foizigacha kamaytirildi. Bu 214 ming 350 nafar saylovchi imzosini tashkil etadi.
Shu kunlarda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha siyosiy partiyalar – O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi tomonidan saylovchilar imzosini to‘plash jarayoni amalga oshirilmoqda, deb xabar qilgan "Jahon" AA.
"O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash uchun saylovchilar imzosini to‘plash ishlari hududiy, tuman, shahar va boshlang‘ich partiya tashkilotlari va partiyaning "Faol ayollar" va "Istiqbol" yoshlar qanotlaridan iborat faol partiya a’zolari ko‘magida amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy saylov shtabi rahbari o‘rinbosari B.Yusupov. – Imzo to‘plash jarayonida faollarimiz saylovchilar bilan gaplashib, Prezident saylovining mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz kelajagini belgilashdagi ahamiyatini keng tushuntirish asnosida partiyamiz nomzodini qo‘llab-quvvatlashga yetarli imzo to‘plash uchun ustav va dasturlarimizning aholi ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘rni va roli, partiyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida keng ma’lumotlar berishga e’tibor qaratayapmiz".
Ta’kidlash lozimki, to‘planayotgan imzo varaqalari topshirilgach, Markaziy saylov komissiyasi ularning to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiradi.


