TOShKENT, 26 sen — Sputnik. O‘zbekiston shaxsiy internet foydalanuvchilari soni bo‘yicha Markaziy Osiyoda Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, deb xabar beradi "Novosti Uzbekistana" BMTning raqamli texnologiyalar va keng polosali aloqa masalalari bo‘yicha komissiyasi hisobotiga tayanib.
Hisobot BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan 67-sessiyasi munosabati bilan tayyorlandi.
Hujjatda 191ta davlatda internetdan foydalanish va keng polosali aloqaning tarqalishi borasidagi ma’lumotlar keltirilgan. Hisobotni tuzishda mualliflar keng polosali internet ko‘rsatkichi (har 100 aholiga), mobil internetning tarqalishi, internetga ulangan oilalar soni kabi ko‘rsatkichlarni hisobga olishgan.
Shaxsiy internet foydalanuvchilari soni bo‘yicha (butun aholiga nisbatan foiz hisobida) 2015-yilda Islandiya yetakchi bo‘ldi – uning 98,2% aholisi internetdan foydalanish imkoniga ega.
Yuqori o‘nlikdan shuningdek Lyuksemburg, Andorra, Norvegiya, Lixtenshteyn, Daniya, Bahrayn, Monako, Yaponiya va Niderlandiya joy oldi.
O‘zbekiston umumiy reytingda 106-o‘rinni egalladi (42,8%). Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida esa Qozog‘istondan (45-o‘rin) keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Reytingda Qirg‘iziston 120-, Tojikiston — 149- va Turkmaniston 160-o‘rinda qayd etildi.