TOShKENT, 26 sen – Sputnik. Rossiyadagi jamiyatning ma’lum bir qismi islomofobiya (islom dinidan qo‘rqish) holatlari paydo bo‘lishi kuchaygani sababli mamlakat shaharlarida yirik musulmon jamoalarini ko‘rishni istamayapti, dedi Rossiya muftiylar kengashi rahbari shayx Ravil G‘aynutdin.
"Yana masjidlar mavzusiga qaytaman va bu mavzuga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Umumiy tarzda buni Rossiyadagi jamiyat va kishilarning ma’lum bir qismi shaharlarda musulmon madaniyati, yirik musulmon jamiyatlarini ko‘rishni istamayapti deb aytish mumkin", — deyiladi tashkilot rasmiy saytida joylashtirilgan shayx G‘aynutdinning Rossiya muftiylar kengashi tashkil etilganligining 20-yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida.
U salbiy munosabatlar ilgari masjid qurish uchun ajratilgan yerlar (musulmon hamjamiyati qurilish boshlash uchun loyihaviy va boshqa hujjatlar tayyorlash uchun anchagina miqdorda mablag‘ sarflab qo‘yganligiga qaramasdan) avvalgi ma’muriyat tomonidan noqonuniy tarzda ajratilganligi ro‘kach qilinib tortib olinayotganligi ko‘rinishida namoyon bo‘layotganini aytdi.
"Ayrim mansabdorlar qurilgan masjidlarni buzib tashlash chaqirig‘idan hayiqmayaptilar. Moskvaning Tekstilshiki rayonida (2010 yilda masjid qurilishiga qarshi o‘tkazilgan namoyish) soxta namoyishchilar, imzo yig‘ishlar va masjid qurilishiga qarshi mitinglar millatchilik ruhidagi tashkilot va guruhlarning foydasiga ishladi. Masjidlarga o‘t qo‘yish, qabrlarni tahqirlash, zo‘ravonlik holatlari yuz berdi", — deb qo‘shib qo‘ydi u.
Muftiyning aytishicha, zamonaviy Rossiyada islomofobiya va ksenofobiya (notanish narsadan qo‘rqish yoki nafratlanish) ning urchishiga musulmonlarning tarqoqligi, tartibsizligi va loqaydliklari sabab bo‘lmoqda.