TOShKENT, 24 sen — Sputnik. "O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda respublika fuqaroligidan mahrum bo‘lish hollariga oydinlik kiritildi.
Qonunning 21 moddasiga kiritilgan o‘zgarishlarga muvoqiq, O‘zbekiston fuqarosi xorijiy davlat fuqaroligini olsa, bunda, u 1 oy muddat ichida O‘zbekiston IIV idoralari yoki xorijdagi konsulligiga fuqaroligini o‘zgartirganini ma’lum qilishi shart. Ilgarigi qonunda bunday majburiyat ko‘rsatilmagan edi.
Qonunga muvofiq, shuningdek, O‘zbekiston fuqarosi: chet davlatda harbiy xizmat, xavfsizlik xizmati, politsiya, adliya idoralari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralariga ishga kirsa; chet elda uch yil ichida uzrsiz O‘zbekiston konsulligi hisobida turmasa; O‘zbekiston fuqaroligini soxta hujjatlar yoki yolg‘on ma’lumotlar asosida olgan bo‘lsa; chet davlat foydasini ko‘zlash, tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazsa O‘zbekiston respublikasi fuqaroligidan mahrum etiladi.