TOShKENT, 24 sen — Sputnik. BMT Bosh Assambleyaning 23-sentabrdagi majlisida nutq so‘zlagan O‘zbekiston Tashqi ishlar rahbari Adbulaziz Kamilov dastlab, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan hamdardlik izhor qilgan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun hamda xalqaro tashkilotlar va jahon hamjamiyatiga minnatdorchilik bildirgan.
"O‘zbekiston mamlakatning asosiy manfaatlarini himoya qilish va uni ilgari surishga qaratilgan tashqi siyosatini saqlab qoladi va uni davom ettiradi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bayonot qilganidek, O‘zbekiston kelgusida ham o‘zaro hurmat, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda barcha xorijiy mamlakatlar bilan do‘stona va amaliy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidan og‘ishmaydi", — deb ta’kidlagan Kamilov.
U shuningdek, O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi qat’iyati BMT Nizomi va Respublika Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan xalqaro huquq meyorlarining asosiy qoidalari, birinchi prezident vaqtida zimmasiga olgan xalqaro-huquqiy majburiyatlariga og‘ishmay amal qilishni taqozo etishini ta’kidlagan.
"O‘zbekiston shuningdek, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik hamda vujudga kelgan barcha ziddiyat va mojarolarni tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etish tarafdoridir. Mamlakatimiz harbiy-siyosiy blok va alyanslarga qo‘shilmaslik, o‘z hududida xorijiy harbiy bazalarni joylashtirmaslik, qurolli kuchlarimizni mamlakat hududidan tashqariga safarbar etmaslik qoidalarini prinsipial va yagona tanlov sifatida qabul qilgan. Masalaga shunday yondashuv, biz uchun eng to‘g‘ri qaror deb hisoblaymiz", — degan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri.
Eslatib o‘tamiz, 16-sentabr kuni Bishkekda o‘tkazilgan MDHga a’zo davlat rahbarlar sammitida ham O‘zbekiston Prezidenti v.b. Shavkat Mirziyoyev o‘rniga Abdulaziz Kamilov ishtirok etgan edi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni Toshkent shahrida, 78 yoshida insult oqibatida vafot etdi. Marhum o‘z ona-shahri Samarqandda musulmon urf-odatlariga ko‘ra dafn etildi. O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev tayinlandi. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovlari 4 dekabrga belgilangan.