TOShKENT, 23 sen – Sputnik. Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Mamin boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga ishchi tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov bilan uchrashdi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri saytida axborot berilgan.
O‘zaro muzokaralarda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishning aniq choralari muhokama qilindi.
Xabarda tomonlar Qozog‘istondan O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi, bug‘doy, un eksportini oshirish, ikki davlat hududi bo‘ylab o‘tadigan yuk oqimlari uchun qulay tarif sharoitlari yaratish, temir yo‘l transporti xizmatlari uchun ikki tomonlama imtiyozlar joriy etish, O‘zbekistondan Qozog‘istonga meva-sabzavot mahsulotlarini eltadigan muntazam konteyner poyezdlari qatnovini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvlarga erishishgani bildirilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘istonning mintaqalararo hamkorligini rivojlantirish mexanizmlarini yaratish, qishloq xo‘jaligi, neftkimyo, farmatsevtika, kimyo sohalarida o‘zaro mahsulot almashishni ta’minlash kafolati bo‘lgan qo‘shma savdo uylari ochish, bojxonalararo axborot almashishda o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrif yakunida A.Mamin va R.Azimov O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini kengaytirish bo‘yicha bayonnoma imzoladilar.