TOShKENT, 23 sen — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 22-sentabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Maminni qabul qildi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston TIV matbuot-xizmati.
Uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning joriy yil 12-sentabr kuni Samarqand shahriga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Transport va tranzit tashish sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish, jumladan, eksport yuklarini tashishda ikki tomonlama tarif preferensiyalari berish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlangan. Bu mintaqaviy transport yo‘laklarining raqobatbardoshligini oshirish va ularning yuqori samaradorligini ta’minlash imkonini beradi.
Asqar Mamin samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etib, Qozog‘iston Respublikasi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan hamkorlikdagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirgan.