TOShKENT, 21 sen — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti v.b. Shavkat Mirziyoyev Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan yozgi Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlarini pul mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.
Sportchilarimiz 31ta medalni (8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 bronza) qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida 1-o‘rinni, MDH davlatlari o‘rtasida 2-o‘rin (1-o‘rin Ukraina), Osiyo davlatlari o‘rtasida 2-o‘rinni (1-o‘rin Xitoy) qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston vakillari dzudo sport turi bo‘yicha umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashdi. Sportchilarimiz tomonidan 6 ta jahon, 7 ta Paralimpiya o‘yinlari va 12 ta Osiyo rekordi o‘rnatildi. Shu vaqtga qadar birorta davlat sportchilari ishtirokchilar soni va qo‘lga kiritilgan medallar soni bo‘yicha bunday natija qayd etishmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishiga muvofiq, Paralimpiya harakatini targ‘ib etishdagi faol ishtiroki,
Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan yozgi Paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtiroki, jasorat, matonat va mardlik namunasini ko‘rsatib, yurtimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yanada yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shgani uchun oltin medal sohiblarining har biri 200 ming AQSh dollari bilan, kumush medal sohiblarining har biri 100 000 AQSh dollari bilan, bronza medal sohiblarining har biri esa 75 000 AQSh dollari bilan mukofotlanadilar.
Shuningdek, XXXI Yozgi Olimpiada va XV paralimpiya o‘yinlari qatnashchilari O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Olimpiyachilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan sotib olingan "Malibu" markali yengil avtomobillar bilan mukofotlanadi, deyilgan xabarda.