TOShKENT, 19 sen – Sputnik. Rio-de-Janeyro shahrida 7-sentabr kuni boshlangan Paralimpiya o‘yinlari nihoyasiga yetdi, deb xabar berdi RIA Novosti "R-Sport"ga asoslanib.
Tantanali yopilish marosimi O‘yinlar ochilgan “Marakana” stadionida bo‘lib o‘tdi.
Marosim qatnashchilari O‘yinlar vaqtida vafot etgan eronlik velopoygachi Baxman Baxman Golbarnejad xotirasiga sukut saqladilar.
"Vazifa bajarildi… Braziliyaliklar hech qachon taslim bo‘lmaydilar", — dedi O‘yinlar tashkiliy qo‘mitasi rahbari Karlos Nuzman Olimpiada va Paradimpiadagi tayyorgarlik jarayonidagi qiyinchiliklarga ishora qilib.
Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Filip Kreyven Paralimpiada o‘yinlarini yopiq deb e’lon qildi va paralimpiya bayrog‘ini Tokioda bo‘lib o‘tadigan keyingi o‘yinlar vakillariga topshirdi.
Paralimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston paralimpiya terma jamoasi musobaqa dasturiga kiritilgan sportning 5 ta turida (yengil atletika, suzish, dzudo, o‘q otish, og‘ir atletika) 32 sportchi bilan ishtirok etdi.
Sportchilarimiz 31ta medalni (8 ta oltin, 6 ta kumush, 17 bronza) qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 15-o‘rinni, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida 1-o‘rinni, MDH davlatlari o‘rtasida 2-o‘rin (1-o‘rin Ukraina), Osiyo davlatlari o‘rtasida 2-o‘rinni (1-o‘rin Xitoy) qo‘lga kiritdi. Vakillarimiz dzudo sport turi bo‘yicha umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashdi.
Sportchilarimiz tomonidan 6 ta jahon, 7 ta Paralimpiya o‘yinlari va 12 ta Osiyo rekordi o‘rnatildi. Shu vaqtga qadar birorta davlat sportchilari ishtirokchilar soni va qo‘lga kiritilgan medallar soni bo‘yicha bunday natija qayd etishmagan.
O‘zbekistonning mana shunday vatanparvar va fidokor farzandlari bor ekan, O‘zbekiston bayrog‘i hamisha yuksak ko‘tarilaveradi.