Ekspert: Jizzax shahriga yangi hokim tayinlash - nozik siyosiy harakat

Obuna bo‘lish
Anonimlik sharti asosida Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatlashgan ekspertga ko‘ra, Jizzax shahri hokimi o‘z faoliyatida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olib tashlanmagan, shunchaki bu yerda siyosiy maydonga yangi o‘yinchi - Abduqahhor To‘xtayevni kiritish ehtiyoji tug‘ilgan, xolos.

TOShKENT, 17 sen — Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti v.b. Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Jizzax shahriga yangi hokimni tasdiqlagan edi.

Anonimlik sharti asosida Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatlashgan ekspertning fikriga ko‘ra, Jizzax shahri hokimi o‘z faoliyatida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygani uchungina ishdan olib tashlanmagan, shunchaki, bu yerda siyosiy maydonga yangi o‘yinchi — Abduqahhor To‘xtayevni kiritish ehtiyoji tug‘ilgan, xolos.

"Shavkat Mirziyoyev katta siyosiy maydonga o‘z tarafdorlarini qaytarish siyosatini olib borayotgani hammaga ayon. Buning tushunarsiz joyi yo‘q. Hozirda boshqatdan hokimiyatga qaytarilayotgan odamlarning hammasi o‘z vaqtida turli sabablarga ko‘ra, asosan, Islom Karimov atrofidagi boshqa nomzodlar tufayli egallab turgan lavozimlaridan ketishga majbur bo‘lganlar. Aynan To‘xtayev haqida gapiradigan bo‘lsak, u respublika Bosh vazirining sobiq o‘rinbosaridir, Mirziyoyev bilan ancha vaqt birga ishlagan, ular bir-birlarini juda yaxshi bilishadi", — deb ta’kidladi ekspert.

Suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, To‘xtayev nomzodi 2005-yilda Toshkent ma’muriyati rahbarligiga ilgari surilishi ortida aynan Mirziyoyev turgan. (Aytish joizki, To‘xtayev bu lavozimda 2011-yilgacha faoliyat yuritgan.)

"2011 yil boshlarida To‘xtayev atrofida qora bulutlar to‘plana boshladi. Kuch xodimlari uning biznes-hamkorlarini va atrofidagi odamlarni tekshira boshladilar, shundan hammaga ayon bo‘ldiki, To‘xtayev Islom Karimov atrofida bo‘lgan allaqanday mansabdorning jig‘iga tegib qo‘ygan. To‘xtayevni lavozimdan voz kechishga majbur qildilar, shu bois ham u  "salomatligi tufayli", "ixtiyoriy" ravishda ishdan ketish haqida arizasini yozishga majbur bo‘ldi. Hatto Mirziyoyev singari kuchli "tank" ham unga yordam bera olmadi. Endilikda esa hammasi o‘z o‘rniga qaytmoqda.

Yetarlicha cho‘zilgan tanaffusdan so‘ng To‘xtayev ayni vaqtda ish jarayoniga kirishib, boshqaruvni o‘z qo‘liga olishi lozim, aynan shu maqsad uchun ham Jizzax shahri tanlandi", — deb ta’kidladi suhbatdosh.

Shavkat Mirziyoyev hukumat tarkibini o‘zgartirishni boshladi
Jizzax — murakkab shahar, u hamma narsa qishloq xo‘jaligi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan region markazi hisoblanadi. So‘nggi bir necha oy davomida viloyatda kuch-tartibot xodimlarining yugur-yuguri, prokuratura va soliq tekshiruvlari, poraxo‘rlardan tozalanish singari tushunarsiz holatlar kuzatilgan edi. Bundan xulosa qilish mumkin-ki, bu hatti-harakatlar bejizga emas, balki fuqarolar va mahalliy tadbirkorlar tomonidan jiddiy norozilik yoxud shundan belgi beruvchi harakatlar sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Saylov oldidan muammolar esa hech kimga kerak emas, shu bois ham tozalash ishlari amalga oshirilgan, — deya fikr bildirdi ekspert.

"To‘xtayev bu lavozimda uzoq ushlanib qolmasligi shubhasiz. Mirziyoyevning unga nisbatan rejalari boshqacha. Muvaqqat prezident o‘z odamini tez orada Toshkentga chaqirib olar hamda unga vazir yoki bosh vazir o‘rinbosari "portfelini" topshirishi ehtimoldan holi emas", — deya ta’kidladi ekspert.

Yangiliklar lentasi
0