TOShKENT, 15 sen – Sputnik. 15-sentabrdan boshlab Toshkent-Samarqand-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati.
“Yurtimiz aholisi va mehmonlarining temir yo‘llaridan foydalanishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ularga safar davomida yuqori darajadagi zamonaviy sharoitlarni yaratish va sifatli servis xizmatlarini ko‘rsatish hamda turizmni rivojlantirish maqsadida 2016-yilning 15-sentabridan boshlab Toshkent-Samarqand-Buxoro-Toshkent yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi №762/761-sonli “Afrosiyob” elektropoyezdi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishicha, poyezd Toshkentdan 08.00da jo‘nab ketadi va 11.47da Buxoroga yetib keladi. Buxorodan esa 15.21da yo‘lga chiqadi va soat 19.10da Toshkentga yetib keladi.
Biznes-klass uchun chipta narxi 130 ming so‘mni, ekonom-klass uchun 97000 so‘mni tashkil etadi.