TOShKENT, 13 sen — Sputnik. ShHT davlatlari yosh liderlari Forumi qatnashchilari Omsk shahrida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun to‘planadilar. Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Hindiston, Pokiston va Eronning yosh tadbirkorlari, jamoat arboblari, olim va jurnalistlari fan, ijtimoiy diplomatiya, biznes va media sohasidagi kamida beshta xalqaro hamkorlik loyihalarini amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqadilar.
Ushbu Forum Omsk shahrida 2016-yilning 19-23 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Forumda 150 nafar ishtirokchi: xalqaro ekspertlar, ShHT davlatlari yosh liderlari ishtirok etadilar.
"ShHTga a’zo davlatlar yer yuzi aholisining yarmi – 3 mlrd kishi yashaydigan Yevrosiyo hududining 60 foizini egallaydi. Shuning uchun biz ishonch bilan aytishimiz mumkinki, gap nafaqat hudud, balki butun qit’a haqida bormoqda. ShHTdagi imkoniyatlarini amalga oshira olgan yoshlar kelajakda butun sayyoramiz rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkin", — dedi Rossiya federal yig‘ini xalqaro ishlar bo‘yicha kengashi qo‘mitasi raisi Konstantin Kosachev.
Forum dasturi ShHT makonida yoshlar ijtimoiy diplomatiyasi, ShHT ta’lim institutlari, yosh tadbirkorlar tashabbuslari va ommaviy axborot vositalari sohalarida hamkorlikni rivojlantirish kabi to‘rtta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.
Forum doirasida “ShHT energetik talabalar biznes-inkubatori” va “ShHT xalqaro yoshlar axborot agentligi” kabi loyihalar taqdimoti va ishga tushirilishi tadbirlari o‘tkaziladi.
"Forumning asosiy maqsadi ShHTga a’zo davlatlar yosh liderlari, bo‘lajak siyosatchi va tadbirkorlar o‘rtasida ishonchli munosabatlarni shakllantirishdir. Eski qoliplardan voz kechish uchun biz ShHT yoshlari o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni o‘rnatishimiz lozim. Yoshlar o‘rtasidagi hamkorlik ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish imkonini beradi", — dedi ShHT ishbilarmonlar klubi direktori Denis Turin.