TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Afg‘onistondagi vaziyat O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikistonda keskinlikni yuzaga keltirishi mumkin, dedi Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya TIV Osiyo ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov, RIA Novosti xabariga asosan.
"Albatta, Afg‘oniston bilan chegaradagi xavfsizlikni ta’minlash uchun salmoqli miqdorda vosita va mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladigan bu mamlakatlar uchun keskinlik yuzaga kelishi mumkin. Ikkinchidan, bu respublikalarda Afg‘oniston ichidagi ID va boshqa islom ekstremistlaridan g‘oyaviy va harbiy yordam olishi mumkin bo‘lgan hammaslaklari mavjud", — dedi Kabulov "Rossiya Segodnya" axborot agentligidagi matbuot anjumanida.
"Tojikiston va Turkmaniston chegaralari orqali bu mamlakatlarga o‘tishga urinishlar davom etayotganini bilamiz. Tojikistonda buni uddalash oson emas, zero Tojikiston qurolli kuchlari yetarli tajribaga ega, buning ustiga Rossiyaning 201-bazasi u yerda qo‘l qovushtirib o‘tirish uchun joylashtirilmagan. Lekin bu yerdagi tog‘lar, daralar, so‘qmoqlar va irmoqlar ekstremistlarning nafaqat Tojikiston, balki Qirg‘izistonga ham o‘tishlari uchun qulaydir", — qo‘shib qo‘ydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkmaniston bilan bog‘liq vaziyat yanada murakkabdir, chunki chegara juda uzun va bu mamlakat qurolli kuchlari uni nazorat qilishga yetarlicha qodir emas.