TOShKENT, 13 sen — Sputnik. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning vafoti mamlakat va uning atrofidagi vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, deb hisoblaydi Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya TIV Osiyo ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov, RIA Novosti xabariga asosan.
"Menimcha, bu O‘zbekistondagi va uning atrofidagi harbiy-siyosiy vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi", — dedi u "Rossiya segodnya" axborot agentligi matbuot anjumanida.
"Hukumat (O‘zbekiston hukumati – tah.) vaziyatni nazorat qilib turibdi", — qo‘shib qo‘ydi diplomat.
Uning aytishicha, Islom Karimovning vafotidan so‘ng ekstremistlar O‘zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarishga urinishlari haqida taxminlar bo‘lgandi. "Ular buning uddasidan chiqa olishmadi", — dedi Kabulov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunga mamlakat hukumati, xususan O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevning “islohotlarni davom ettirishi va o‘zini har tomonlama oqlagan yo‘ldan borish”i asosiy omildir.
O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni 78 yoshida insult oqibatida vafot etdi. U o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Samarqand shahrida musulmon odatlariga ko‘ra dafn etildi.