TOShKENT, 12 sen — Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara o‘tkazdi va ular ikki tomonlama munosabatlar masalasini muhokama qildilar, deb xabar berdi Qozog‘iston yetakchisining matbuot xizmati.
Uchrashuv davomida Nazarboyev 2-sentabr kuni vafot etgan O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning o‘zbek davlatchiligi taraqqiyoti va ikki davlatning o‘zaro munosabatlariga qo‘shgan hissasini yana bir bor e’tirof etdi. Qozog‘iston prezidenti ikki davlat xoh ikki tomonlama, xoh xalqaro tashkilotlar faoliyati doirasida har qanday masala yuzasidan o‘zaro yechim topa olganini ta’kidladi. Nazarboyev ikki davlat o‘rtasidagi “qardoshlik munosabatlarini” bundan buyon ham mustahkamlash lozimligini bildirdi.
Nazarboyev va Mirziyoyev ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari, shuningdek muhim hududiy va xalqaro mavzular bo‘yicha fikr almashdilar, deyiladi xabarda.
Ilgariroq Nazarboyev Samarqandga tashrifi doirasida Islom Karimov qabriga gul qo‘yib, xotirasiga hurmat bajo keltirdi, shuningdek Karimovning oilasi bilan uchrashib, Qozog‘iston xalqi va shaxsan o‘z nomidan hamdardlik bildirdi.
O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov 2-sentabr kuni 78 yoshida insult oqibatida vafot etdi. U o‘zi tug‘ilib-o‘sgan Samarqand shahrida musulmon odatlari bo‘yicha dafn etildi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasiga binoan, mamlakat prezidenti o‘z vazifasini o‘tay olmagan hollarda, uning vazifasini vaqtincha bajarish Senat raisi zimmasiga yuklatilishi kerak. Prezident vazifasini o‘tashi kerak bo‘lgan Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning o‘zi ushbu vakolatlardan voz kechib, bosh vazir Shavkat Mirziyoyev nomzodini taklif qildi va bosh vazir Oliy Majlisning qo‘shma majlisi qaroriga binoan prezident vazifa va vakolatlarini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov prezident saylovi 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Prezident sayloviga nomzodlarni ko‘rsatish 30-sentabrdan boshlanadi va 20-oktabr kuni yakunlanadi.