TOShKENT, 12 sen – Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish uchun Samarqand shahriga tashrif buyurdi va Karimov qabriga gul qo‘ydi, deb xabar beradi Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati.
Nazarboyev yig‘ilganlarga yuzlanar ekan, ularni uzoq yillar davomida mustahkam do‘stlik rishtasi, o‘zaro bir-birini tushunish va qo‘llab-quvvatlash tuyg‘ulari bog‘lab kelganini ta’kidladi.
“Ishonchim komil, o‘zbekistonliklarning keyingi avlodi, davlat rahbarlari Islom Karimov nomini bir umr yodda saqlaydilar. Uning salmoqli merosi, davlat arbobi sifatidagi faoliyati natijalari avlodlar tomonidan o‘rganiladi, amalga oshirgan ishlari esa o‘zbek xalqining tarixiga zarhal harflar bilan bitiladi. U jahondagi taniqli yetakchi davlat arbobi edi, xalq farovonligi, mamlakat obodligi va iqtisodiyotining ravnaqi uning nomi bilan bog‘liq. Biz buyuk insondan ayrildik”, deya Nazarboyevning so‘zlari keltiriladi xabarda.
Nursulton Nazarboyev shuningdek ikki qardosh davlat o‘rtasidagi tarixiy va strategik aloqalarning mustahkamlanishida O‘zbekistonning birinchi Prezidentining beqiyos roli borligini ta’kidladi.
“Qozoq va o‘zbek xali doimo bir-birlariga yelkadosh bo‘lgan. Biz Islom Abdug‘aniyevich bilan 1998-yilda Xoja Ahmad Yassaviy mavzoleyi oldida abadiy do‘stlik shartnomasini imzolaganmiz va barcha munosabatlarimiz ana shu bitimga asoslangan. Qozog‘iston har doim o‘zbek xalqi bilan yonma-yon turgan va shunday bo‘lib qoladi, biz xursandchilikni ham, qayg‘uli damlarni ham birga o‘tkazamiz”, dedi Qozog‘iston rahbari.
Nursulton Nazarboyev Islom Karimov oilasi bilan ham uchrashdi va ularga Qozog‘iston xalqi hamda shaxsan o‘z nomidan chuqur ta’ziya bildirdi.