TOShKENT, 12 sen – Sputnik. Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish niyatida Samarqand shahriga tashrif buyurdi, deb xabar beradi Qozog‘iston prezidentining rasmiy sayti.
Tashrif doirasida Islom Karimovning qabriga gul qo‘yish va uning oilasi bilan uchrashish rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.
Shuningdek Qozog‘iston prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazadi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov 2-sentabr kuni 78 yoshida insult oqibatida Toshkent shahrida vafot etdi va o‘zi tug‘ilib-o‘sgan shahar — Samarqandda, tarixiy Shohi-Zinda qabristonida musulmon urf-odatlariga ko‘ra dafn etildi.
O‘zbekiston rahbarini so‘nggi manzilga kuzatish uchun O‘zbekistonga 17 mamlakat delegatsiyalari yetib keldilar. 3-sentabr kuni o‘tkazilgan dafn marosimida Rossiya tomondan Dmitriy Medvedev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
6 sentabr kuni Islom Karimov qabrini ziyorat qilish va marhumning yaqinlariga hamdardlik izhor qilish maqsadida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Samarqandga tashrif buyurdi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, buyuk siyosat arbobi — Islom Abdug‘aniyevich Karimovning so‘nmas xotirasi barcha minnatdor yurtdoshlarimizning, butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qoladi.