TOShKENT, 10 sen — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) O‘zbekiston prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha O‘zbekiston va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazmoqda, deb xabar qiladi O‘zbekiston respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot-xizmati.
Jurnalistlar akkreditatsiyadan o‘tishi uchun joriy yilning 1-dekabriga qadar O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markaziga quyidagi hujjatlarni taqdim qilishlari lozim:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov nomiga OAV tashkilotining rasmiy blankasida jurnalistni akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza;
akkreditatsiyadan o‘tadigan jurnalistning o‘lchami 3,5x4,5 sm bo‘lgan ikki dona fotosurati;
OAV tashkilotining davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, elektron OAV uchun – efirga uzatish litsenziyasining nusxasi, xorijiy jurnalistlar uchun – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tganligi haqidagi hujjatning nusxasi.
Ma’lum qilinishicha, ko‘rsatilgan ma’lumotlardan iborat bo‘lmagan yoki jurnalistning ularga ilova qilinmagan fotosuratlarisiz ariza ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 9-sentabrdan prezident saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi, O‘zbekiston prezidentligiga saylov esa 4-dekabr kuni o‘tkaziladi.