TOShKENT, 9 sen — Sputnik. Shimoliy Koreyada mahalliy vaqt bilan 09.30da (Toshkent vaqti bilan 05.30da) 5,0 magnitudali yer silkinishi qayd etildi. Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe va Yaponiya Bosh kotibi Yosixide Suga seysmik hodisalar haqidagi hisobotdan so‘ng Shimoliy Koreya navbatdagi yadro sinovini o‘tkazgani haqida bayonot bilan chiqdilar.
KXDR hukumati yadro sinovlari muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidladi va ballistik raketalarni yadroviy kallaklar bilan jihozlashga qodirligini bildirdi.
Ushbu yadroviy sinov butun jahon hamjamiyatini, birinchi navbatda KXDRning yaqin qo‘shnilarini qattiq tashvishga soldi.
Xitoy Koreya yarimorolidagi barcha tomonlarni ig‘vogarliklardan qochish va ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga chaqirdi.
“Biz barcha tomonlarning xavfsizlik borasidagi xavotirlari faqatgina barcha tomonlarni qanoatlantiruvchi yo‘l bilan yechilishi mumkinligiga ishonamiz. Barcha tomonlarni ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga, bir-birlariga nisbatan ig‘vogarlik qilmaslikka, Koreya yarimorolida yadrosizlanishni qo‘llab-quvvatlashga, tinchlik va barqarorlikni saqlashga chaqiramiz”, dedi XXR tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Xua Chunin.
Yaponiya, AQSh va Janubiy Koreya TIV rahbarlari ham KXDRning yadroviy sinovlarini muhokama qilishdi.
Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri Yun Ben Se yaponiyalik hamkasbi Fumio Kisida bilan 20 daqiqalik suhbati chog‘ida KXDRga nisbatan “keskin choralar” haqida kelishib oldi. O‘z navbatida Janubiy Koreya va AQSh TIV rahbarlari Pxenyanga nisbatan jazo choralarini kuchaytirishga kelishishdi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreya va AQSh oktabr oyida KXDRning yadroviy sinovlariga javoban qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazishini e’lon qildi.
"10-15 oktabr kunlari Sariq dengizning janubiy qismi va Cheju oroli hududida aviatashuvchilar ishtirokida Amerika-Janubiy Koreya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari o‘tkaziladi”, — deb xabar berdi Renxap agentligi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham bu borada o‘z fikrini bildirdi.
"Biz KXDRning sinovlaridan jiddiy xavotirdamiz. BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari qat’iy bajarilishi shart”,-dedi u.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonson esa Shimoliy Koreyaning navbatdagi yadro sinovlarini ig‘vogarlik deb atadi.
Seul harbiylariga ko‘ra, portlovchi qurilma kuchi 10 kilotonnani tashkil qilgan bo‘lishi mumkin. Bu esa yanvar oyida sodir etilgan 6 kilotonnalik sinovdan deyarli ikki barobar kuchlidir, deya ta’kidlaydi ular.
KXDRning o‘zi esa ushbu sinovlar AQShning tahdidi, sanksiya va bosimiga nisbatan javobligini bildirdi.
“Yadro zaradining bugungi sinovi respublikamizning yadroviy davlat maqomiga egaligini inkor qilayotgan hamda o‘zimizning qonuniy suveren huquqlarimizni namoyish qilishimizni qoralayotgan AQSh va dushman kuchlarining tahdidi, sanksiya va bosimiga nisbatan aniq javob choralaridan biridir”, deyiladi KXDR bayonotida.