TOShKENT, 5 sen — Sputnik. O‘z chiqish va g‘alabalarimizni Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlaymiz, dedi II Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik kurashchi Doniyor Abdurahimov Sputnik Qirg‘iziston muxbiriga.
Uning aytishicha, u 90 kilogacha vazn toifasida qatnashmoqda, butun jamoa esa 14 nafar sportchidan iborat.
Islom Karimovning vafoti haqidagi qayg‘uli xabarni eshitganidan so‘ng jamoa motam belgisi sifatida o‘yinlarning ochilish marosimida qatnashmaslikka qaror qildi.
"Bu xabar bizni karaxt ahvolga solib qo‘ydi. Biz bunday voqea yuz beradi deb o‘ylamagandik. Endi barcha chiqish va g‘alabalarimizni birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning xotirasiga bag‘ishlaymiz", — dedi Abdurahimov.
"Bu yerda hamma narsa yaxshi tashkillashtirilgan. Odamlar samimiy. Bir qardosh xalqlarmiz va bizga hammaning munosabati yaxshi", — dedi kurashchi.
Uning aytishicha, bu yerga kuchli sportchilar tashrif buyurgan va medallar bilan qaytish uchun qattiq ter to‘kishga to‘g‘ri keladi.
"Qirg‘iziston, Rossiya jamoalari juda kuchli. Ozarboyjonlik kurashchilar ham favorit hisoblanishadi. Lekin biz ham g‘olib bo‘lish niyatidamiz", — ta’kidladi Abdurahimov.