TOShKENT, 5 sen — Sputnik. Qirg‘iziston chegarachilari qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi o‘tkazish punktlarida fuqarolar uchun vaqtinchalik cheklov o‘rnatishdi, deb xabar berdi Qirg‘iziston davlat chegara xizmati matbuot xizmati.
Xabarda Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari va 16-17 sentabr kunlari Bishkekda MDH a’zolari rahbarlarining sammiti o‘tkazilishi munosabati bilan chegaraning barcha qismlarida xizmat o‘tashning kuchaytirilgan tartibi joriy etilgani aytiladi.
Davlat chegarasining qirg‘iz-o‘zbek o‘tkazish punktlarida 3-sentabrdan cheklovlar kiritildi. Bunda Qirg‘iziston va O‘zbekistonning o‘z vatanlariga qaytayotgan fuqarolari chegaradan to‘siqsiz o‘tishlari mumkin. Avgustda Mustaqillik kuni munosabati bilan O‘zbekiston shunday cheklov o‘rnatgandi.
Uchinchi davlat fuqarolari, diplomatik korpuslar va xalqaro tashkilotlar vakillarining qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan o‘tishlari o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.