TOShKENT, 1 sen — Sputnik. Rim Papasi — Fransisk va BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovni Mustaqillikning 25-yilligi bilan muborakbod etdilar.
"Mustaqillikning 25-yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga xorijiy davlatlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelishda davom etmoqda. Ularda davlatimiz rahbariga baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-omonlik, doimiy ravnaq hamda farovonlik kabi ezgu tilaklar izhor etilgan. Jumladan, o‘z tabriknomalarini Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun, Rim-katolik cherkovi rahbari Fransisk-papasi yo‘llaganlar", — deyiladi xabar matnida.
Tabriklar kelishi davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hukumati yakshanba kuni Islom Karimov statsionar davolanishga yotqizilgani, va bu "ma’lum vaqtni olishi" haqida xabar tarqatgan edi. Dushanba kuni ertalab Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillayeva o‘zining Instagram sahifasida Prezident miyaga qon quyilishi oqibatida reanimatsiyaga yotqizilganini, ammo u kishining holati bir xilda ekanligini ma’lum qildi.