TOShKENT, 25 avg — Sputnik. Moskva Presnya sudi chorshanba kuni yosh go‘dakning qotilligida ayblanayotgan o‘zbekistonlik Gulchehra Boboqulovaning hibsda qolish muddatini 29-oktabrga qadar uzaytirdi, deb xabar qildi sud matbuot-kotibi Anastasiya Pilina.
"Sud tergovchi tomonidan berilgan Boboqulovaning hibs muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arznomani qondirish haqida qaror chiqardi", — dedi Pilina.
Eslatib o‘tamiz, nafaqat Rossiya, balki O‘zbekistonda ham katta shov-shuv ko‘targan vahshiy qotillik joriy yil mart oyi boshida sodir etilgan edi. Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga binoan, Gulchehra Boboqulova qizchaning ota-onasi to‘ng‘ich bolasini olib uydan chiqib ketishlarini kutgan, so‘ngra qizaloqni o‘ldirib, kvartiraga o‘t qo‘yib, ko‘chaga chiqib ketgan.
Metro binosi oldida qo‘lga olingunga qadar, Boboqulova 20 daqiqalarga yaqin qo‘lida qizchaning kesilgan boshini ushlagancha Moskva ko‘chalarini aylangan, o‘ziga o‘zi gapirib, politsiyachilar va yo‘lovchilarga po‘pisa qilgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi xabariga muvofiq, Boboqulovani bu qabih ishni amalga oshirishga undagan sheriklari bo‘lishi mumkin. Manba ta’kidiga qaraganda, qotil-enaga bilan birga yashagan erkak uni "diniy ekstremistik g‘oyalar" bilan "zaharlagan"ligi taxmin qilinmoqda.