TOShKENT, 24 avg – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Islom Karimov Mustaqillikning 25-yilligi munosobati bilan bir guruh madaniyat, san’at, tibbiyot, OAV va ijtimoiy soha vakillarini mukofotlash haqida qaror imzoladi, matbuot xizmati xabari asosida.
“Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, milliy g‘oyani rivojlantirish, ma’naviyatimizni tiklash, o‘zligimizni anglash yo‘lida katta hissa qo‘shgan, yorqin iste’dodi va ijodi, ilmiy faoliyati, halol xizmati, yoshlarni ona yurtga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun quyidagilar faxriy unvonlar va ordenlar bilan taqdirlansin”, — deyilgan qaror matnida.
“O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi” unvoni Milliy rassomlik va dizayn instituti dotsenti, rangtasvirchi rassomi – Faxriddinov Zayniddin Ramziyevich va Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri sahnalashtiruvchi rejissori Slonim Andrey Yevseyevichlar taqdirlangan.
“O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” unvoniga O‘zbekiston Milliy universitetining “Fotonika” kafedrasi professori Valiyev Uyg‘un Vohidovich taqdirlangan.
“O‘zbekiston iftixori” unvoniga, yaqindagina Riodagi olimpiada muvaffaqiyatli ishtirok etib kelgan O‘zbekistonlik bokschilar, besh nafar oltin va kumush medal sohiblari sazovor bo‘lgan. Ularning ismi sharifi bugun Respublikada hammaga yaxshi tanish: G‘oibnazarov Fazliddin, G‘iyosov Shaxram, Do‘smatov Hasanboy, Zoirov Shahobiddin va Meliqo‘ziyev Bektemir.
Undan tashqari Olimpiadada bronza medali olgan sportchilarga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va “Mehnat shuhrati” ordenlari berildi.
“O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoni O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktorlari — Ashurova Zuhra Jo‘rayevna, Zokirova Gavhar Akmalovna va Qoraqalpoq davlat musiqali teatri bosh baletmeysteri Sharipov Abibulla Nagmetovichlarga taqdim qilingan.
“O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” unvoni Surxondaryo viloyati Sherobod tumani madaniyat va aholi dam olish markazi mutaxassisi, baxshi — Xo‘jamberdiyev Shodmon Egamberdiyevichga berilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi” unvoni “Tafakkur” jurnali bosh muharriri — A’zamov Erkin Normamatovichga berilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri” unvoni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Siddiqova Enaxon Abdurahimovnaga berilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” unvoniga Buxoro maxsus ilmiy-ta’mirlash ishlab chiqarish boshqarmasi restavratori — Abdiyev Olim Jabborovich, "Ustazoda" xalq san’ati ustalari korxonasi yog‘och o‘ymakor ustasi — G‘aniyev Zokir Vahobovich va “Hunarmand” uyushmasining Samarqand viloyati boshqarmasi a’zosi, usta-kulol — Ismatillayev Xolmahamatlar sazovor bo‘lishdi.
“O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” unvoniga Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 16-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi — Soliyeva Huri Melixo‘jayevna sazavor bo‘ldi.
Shuningdek “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan 13 kishi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi”unvoni bilan 5 kishi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni bilan 3 kishi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan 14 kishi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi” unvoni bilan 6 kishi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” unvoni bilan — 8 kishi, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni bilan 8 nafar sportchilar taqdirlandi.
“El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordega 2 nafardan, “Mehnat shuhrati” ordeniga – 22 nafar va “Do‘stlik” ordeniga 18 fuqaro sazavor bo‘ldi.
Undan tashqari “ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy islohotlardagi faol ishtiroki, samarali mehnati, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishiga qo‘shgan hissasi uchun” 62 nafar turli soha vakillari “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.