TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Mustaqillik bayramini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rilayotgani munosabati bilan Toshkentga 1-sentabr kuni oldidan avtotransportlarning kirib kelishi cheklanadi, deb ma’lum qildi jurnalistlarga respublika ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Tursunpo‘lat Toshpo‘latov.
"Bayram munosabati bilan yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan transport vositalari qat’iy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Bayram arafasida va bayram kunlari Toshkentda poytaxtga transport vositalarining kirib kelishiga nisbatan cheklov o‘rnatilishi ham mumkin", — dediToshpo‘latov. U cheklov tafsilotlari va muddatiga aniqlik kiritmadi.
Ilgariroq mahalliy OAVlar 22-avgustdan boshlab O‘zbekiston viloyatlaridan qatnovchi yo‘lovchi avtobus va mikroavtobuslarning Toshkentga kelishi taqiqlangani haqida xabar berishgandi.
Iyul oyi oxirida O‘zbekiston IIV Mustaqillik kuni bayramini o‘tkazishda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida keng miqyosdagi “Antiterror-tozalov” tadbirini o‘tkazishga kirishgandi. Xususan, butun respublika bo‘ylab jamoat tartibini saqlash, favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish, yong‘in xavfsizligi hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha maxsus guruhlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Tadbir davomida asosiy e’tibor doimiy ro‘yxatda turmaydigan yoki vaqtinchalik ro‘yxatda turadigan fuqarolarga, xorij fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning mamlakatda bo‘lish qoidalariga amal qilishlariga qaratiladi.