TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi IIV Mustaqillik bayrami arafasida butun respublika bo‘ylab "Antiterror-tozalash" tadbirini o‘tkazmoqda.
"Fuqarolarimizning xavfsizligini ta’minlash, turli ko‘rinishdagi huquqbuzarlik va qonun buzilishi holatlarining oldini olish hamda jamoat tartibini saqlash maqsadida butun respublika bo‘ylab maxsus guruhlar faoliyat olib borishadi", — deb xabar qildi Sputnik agentligiga huquqni muhofaza qilish organidagi manba.
Suhbatdoshning so‘zlariga qaraganda, bayramgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida xususiy va ko‘p qavatli uylar, korxona va tashkilotlarga qarashli yerto‘lalar va omborxonalar, do‘konlar hamda ommaviy sayllar o‘tkaziladigan hududlar ko‘rikdan o‘tkaziladi.
"Doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yhatdan o‘tmagan xorijlik va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda", — deb ta’kidladi IIV vakili.
Eslatib o‘tamiz, "Tozalash-antiterror" tadbiri bundan oldin Navro‘z bayrami arafasida o‘tkazilgan bo‘lib, tadbir davomida IIV xodimlari tomonidan noqonuniy yashab yurgan 261 kishi — chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mamlakat hududidan chiqarib yuborilgan edi.