TOShKENT, 23 avg — Sputnik. Sport arbitraj sudi (CAS) rossiyalik sportchilarning 7-18 sentabr kunlari Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiada-2016 o‘yinlarida ishtirok etishlariga ruxsat bermadi, deb xabar berdi RIA Novosti.
Butunjahon antidoping agentliginining (WADA) Richard Maklaren boshchiligidagi mustaqil komissiyasi 18-iyul kuni Rossiyada davlat miqyosida faoliyat yuritgan doping tizimi haqida bayonot bergandi. Hisobotda xususan, 2012-2015 yillarda rossiyalik paralimpiyachilarning 35ta ijobiy tekshiruv natijalari izsiz g‘oyib bo‘lganligi qayd etilgandi.
Shundan so‘ng WADA Xalqaro paralimpiya qo‘mitasiga (IPS) rossiyalik sportchilarni Paralimpiada-2016dan chetlashtirishni tavsiya qilgandi. IPS 7-avgust kuni agentlik tavsiyasini bajardi. Keyinchalik Rossiya paralimpiya qo‘mitasi sport arbitraj sudiga (CAS) shikoyat bergandi.
Rossiyada IPSning qarorini noinsoniylik, pastkashlik deb atashdi. Milliy paralimpiya qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, Maklarenning hisobotida nomlari tilga olingan sportchilarning birortasi ham Paralimpiada-2016da qatnashadigan terma jamoa tarkibiga kiritilmagandi.