TOShKENT, 22 avg — Sputnik. AQSh va Janubiy Koreya harbiylari yarimorolda “favqulodda vaziyat” yuz bergan taqdirda KXDRning yadroviy va raketa obyektlariga zarba berish bo‘yicha mashg‘ulot boshladilar, deb xabar beradi RIA Novosti Ronxap agentligiga tayanib.
22 avgustdan 2-sentabrgacha davom etadigan Ulji Freedom Guardian deb nomlangan mazkur mashg‘ulotlar KXDR tomonidan keskin tanqid qilindi.
"AQSh va Janubiy Koreyaning zo‘ravonlarcha harbiy mashg‘ulotlari bas qilinmas ekan, Koreya yarimoroli va butun hududda keskinlikni pasaytirish, tinchlik va xavfsizlik kafolatlari haqida o‘ylashning imkoni yo‘q", — deyiladi Shimoliy Koreya TIV bayonotida.
Koreya xalq armiyasi bosh shtabi vakili esa o‘z navbatida Shimoliy koreyalik harbiylar mamlakat hududi, uning suv va havo bo‘shlig‘i hududiga daxl qilinishining “ozgina alomati” sezilishi bilanoq Janubiy Koreya va AQSh qurolli kuchlariga nisbatan dastlabki yadroviy zarba berishga tayyorligini bildirdi.