TOShKENT, 22 avg — Sputnik. O‘zbekistonning yetti nafar militsioneri vertolotda o‘zbek-qirg‘iz chegarasining belgilanmagan qismi — Jaloloboddagi (Qirg‘iziston teleminorasi retranslyatori joylashgan hudud) Unqur tog‘ hududiga tushishdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Qirg‘iziston nashri QR chegara xizmatidan olingan ma’lumot asosida.
"Davlat chegarasidagi holat Qirg‘iziston respublikasi chegara xizmati xodimlari tomonidan nazorat qilinmoqda", — deyilgan xabar matnida.
Nashrda ta’kidlanishicha, dushanba kuni ertalab Qirg‘iziston respublikasi prezidenti Almazbek Atambayev kuch ishlatish organlari rahbarlari bilan majlis o‘tkazgan, va chegaradagi holat Qirg‘iziston manfaatlarini inobatga olgan holda hal etilishini talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq Qirg‘iziston OAVlarida "Jalolobodda chegarani kesib o‘tishga uringan chog‘ida qo‘shni mamlakat militsioneri qo‘lga olinganligi" haqida xabarlar tarqatilgan edi.
Xabarda aytilishicha, aprel oyida qator OAVlarda Qirg‘iziston Respublikasida mavjud bir farmoyishga ko‘ra, ushbu hudud O‘zbekiston Respublikasi mulki hisoblanishi haqida xabarlar tarqatilgan. Bunga javoban Qirg‘iziston hukumati Vazirlar mahkamasi tegishli hudud O‘zbekistonga qarashliligi isbotlanmagani uchun radioreley stansiyasi boshqa joyga ko‘chirilmasligini ma’lum qilgan. Qirg‘iziston rasmiylari ayni damda hukumat bu hudud qo‘shni mamlakat tasarrufiga o‘tkazilishini bildiruvchi farmonga hech kim imzo chekmagan, deya bong urmoqda.