TOShKENT, 22 avg — Sputnik. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi Baxt shahri tug‘ruqxonasi shifokori va tug‘ruqxona mijozini yangi tug‘ilgan chaqaloqni sotishga uringani uchun to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgiladi, deb ma’lum qildi sud vakili.
"Ish hujjatiga ko‘ra, mahalliy tug‘ruqxona bo‘lgan juvon vrach-akusherdan yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini 800 dollarga sotib berishini so‘raydi. Shifokor chaqaloqqa xaridor izlay boshlaganidan keyin u huquq tartibot organlari xodimlari diqqat markaziga tushdi", — deya aniqlik kiritdi agentlik vakili.
Sud vakili “kelishuv” viloyat IIB operativ xodimlari nazorati ostida o‘tganini, chaqaloq “xaridor”ga topshirilib, pul olingach, ayol qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
"Sud hukmiga ko‘ra har ikki ayol to‘rt yil davomida umumiy tartibdagi axloq tuzatish koloniyasida jazoni o‘taydigan bo‘ldi”, — deyiladi sud tomonidan.