TOShKENT, 29 apr — Sputnik. Huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari yangi tug‘ilgan chaqaloqlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi ikki jinoyatchini qo‘lga oldi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga IIB vakili.
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida istiqomat qiluvchi 52 yashar Maxfiratxon Yo‘ldosheva Andijon viloyati Baliqchi tumanida yashovchi 57 yashar Odina Xaqqulova bilan til biriktirib, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar savdosi bo‘yicha “biznes”ni yo‘lga qo‘yishgani ta’kidlanmoqda.
"Xuddi shunga o‘xshash jinoyatlarni sodir etgani uchun muqaddam sudlangan, ikki farzandning onasi — Maxfiratxon Yo‘ldosheva hamda pensioner — Odina Xaqqulova “jonli tovar”ni 2-2,5 ming dollarga narxlashgan. Jinoyatchilik sxemasi quyidagicha bo‘lgan: ular tug‘ishni xohlamagan yoki homiladorlikni yo‘qotmoqchi bo‘lgan ayollarni topib, ularga o‘z xizmatini taklif qilishgan, tug‘ruqdan keyin esa chaqaloqlarni “mijozlarga” pullash bilan shug‘ullanganlar”, — deb xabar qildi manba.
O‘tkazilgan tezkor operatsiya natijasida, yangi tug‘ilgan qizaloqni 2 ming dollarga pullayotgan vaqtda Yo‘ldosheva militsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Suhbatdosh bergan ma’lumotlarga qaraganda, go‘dak ayni vaqtda Respublika akusherlik va ginekologiya ilmiy instituti Namangan filialiga joylashtirilgan. Chaqaloqqa kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Qizaloqqa tug‘ruqxonadan soxta tug‘ilganlik guvohnomasi va tibbiy ma’lumotnoma rasmiylashtirilganligi aniqlandi.
Ushbu voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.