TOShKENT, 18 avg — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 17-avgust kuni Oqsaroyda Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va ichki ishlar vaziri Xon Yun Sukni qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Jahon" AA.
"Davlatimiz rahbari mehmonni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, O‘zbekiston Koreya Respublikasi bilan strategik sheriklik munosabatlarini yuksak qadrlashini va bu munosabatlarni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratishini ta’kidladi. Islom Karimov ushbu tashrif o‘zaro manfaatli hamkorlikni, ayniqsa, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish va "Elektron hukumat"ni joriy etish sohasidagi aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi", — deyiladi xabar matnida.
Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening 2014-yil iyun oyida Toshkentga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2015-yil may oyida Seulga davlat tashriflari ikki davlat o‘rtasidagi keng ko‘lamli hamkorlikning har tomonlama, avvalo, iqtisodiy sohada izchil rivojlanishiga yangi sur’at bag‘ishladi. Ushbu tashriflar yakuniga ko‘ra yuzdan ortiq hujjat, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va moliyaviy sohalarda hamkorlikka oid umumiy qiymati 9,5 milliard AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan bitimlar imzolangan.
Koreya Respublikasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 7 milliard dollardan oshdi. O‘zbekistonda Janubiy Koreya investitsiyasi ishtirokida tashkil qilingan 440 korxona faoliyat yuritmoqda, 77 kompaniyasi vakolatxonalari ochilgan.
Koreya Respublikasi Bosh vaziri Xvan Gyo Anning joriy yil may oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Surg‘il koni negizida Usturt gaz-kimyo majmuasi ochilgani va bu zavod mamlakatlarimiz o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikning amaldagi ifodasi bo‘lganini alohida ta’kidlash darkor.
Xon Yun Suk samimiy qabul uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.