TOShKENT, 18 avg — Sputnik. "Donbassdagi janglarda ishtirok etgan o‘zbekistonlikning hibsga olinishi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir etmaydi", deya ta’kidladi Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumanda Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Yuriy Savchenko.
"O‘sha internetning o‘zida Ukraina qurolli kuchlarida, ko‘ngilli batalonlari safida o‘zbekistonliklar ham borligi ko‘rsatilgan misollar bor. Ular Ukraina fuqaroligini qabul qilgan. Raqamlarga keladigan bo‘lsak, ochig‘i, anig‘ini aytolmayman, chunki kim, qayerdaligini kuzatish oson ish emas. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar davom etishiga umid qilamiz", — deya ta’kidladi elchi.
Elchi o‘zbekistonlikning keyingi taqdiri qanday kechishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, endilikda O‘zbekiston fuqarosi ustidan Ukraina qonunchiligi doirasida jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.
"Hamma narsa uning qanday jinoyat va qoidabuzarliklarni sodir etganligi isbotlanishiga bog‘liq. Mening fikrimcha, sud bo‘ladi, hozirda esa qonunchilikka asosan uni ikki oyga hibsga olishadi, bu vaqt oralig‘ida unga ayblovlar qo‘yiladi va so‘ngra sud jarayoni bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston fuqarosining o‘z yurtiga qaytarilish-qaytarilmasligi mening o‘zimga ham qiziq, ammo bu juda murakkab masala. Hozirda noaniq narsalar ko‘pligi uchun bu borada biror narsa deyish qiyin", — deya ta’kidlagan ukrainalik diplomat.
Eslatib o‘tamiz, 16-avgust kuni Donbassdagi janglarda Donesk respublikasi tomonida qatnashgan O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga olinganligi haqida xabar tarqalgan edi. Ukraina prezidenti rasmiy vakili bayonotiga ko‘ra, hibsga olingan o‘zbekistonlik 2014-yilning dekabridan boshlab janglarda ishtirok etishni boshlagan va Gorlovka, Shirokino hududlarida bir necha bor Ukraina qo‘shinlariga qarshi janglarda qatnashgan.