TOShKENT, 17 avg — Sputnik. O‘zbekiston SSSR davrida mavjud bo‘lgan davlatlararo shakldagi munosabatlarga qaytmaydi, deya ta’kidladi siyosatshunos Alisher Burxonov.
Siyosatshunos, shuningdek, 2015-yil boshida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov yangi saylangan parlament qarshisida so‘zlagan nutqi davomida mamlakat hech qachon sobiq Ittifoq singari birlashmalarga qaytmasligi haqida bayonot qilgan, deya eslatib o‘tdi.
"Siyosiy partiyalar va jamoatchilik harakatlari hukumat siyosatini qo‘llab-quvvatlaydilar va ularning dasturlari to‘laligicha "sovet tuzumi" degan tushunchani mamlakat hayot tarzidan uzoqlashtirishga qaratilgan", — deya ta’kidladi u.
Burxonov, shuningdek, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari yoxud siyosiy minbarlar yordamida sovet davri tuzumini "oqlaydigan" ijtimoiy-mafkuraviy muhit mavjud emasligini qo‘shimcha qildi.
Hayotlarining kattagina qismini sovet tuzumi davrida yashab o‘tgan odamlar, tabiiyki, SSSRni sog‘inch bilan xotirlaydilar, u haqda iliq fikrlarni bildirishlari mumkin, axir ularning yoshligi o‘sha tuzumda o‘tgan. Ammo hozir 35 yoshdan kichik bo‘lganlar uchun SSSR — bu tarix", — deya ta’kidladi Burxonov.
Siyosatshunosning fikriga ko‘ra, endilikda SSSR formatidagi munosabatlarga qaytish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Sababi, "sovet" degan tushuncha unutilishi, o‘z ahamiyatini yo‘qotishi uchun yetarlicha vaqt o‘tdi. Jumladan, SSSR tarqalgan vaqtdan buyon O‘zbekistonda sovet ramzi bilan bog‘liq bo‘lgan shahar, tuman, ko‘chalarning nomlari 100% o‘zgartirilgan.