TOShKENT, 15 avg — Sputnik. Ob-havo harorati yuqorilashi va yog‘ingarchilik ortishi munosabati bilan Farg‘ona vodiysining tog‘ oldi hududlarida hafta davomida sel kelishi xavfi saqlanib qoladi, deyiladi Uzgidromet xabarida.
"15 dan to 18-avgustga qadar tog‘li va tog‘ oldi hududlarda sel ketishi xavfi mavjud… Havo harorati ko‘tarilishi va yog‘ingarchilik ortishi munosabati bilan hafta boshida tog‘li va tog‘ oldi hududlarda yomg‘ir tufayli suv toshqini yuzaga kelishi, tog‘larda esa sel ketishi xavfi saqlanib qoladi", — deyilgan xabar matnida.
Sal avval may oyi o‘rtalarida kuchli yog‘ingarchilik tufayli O‘zbekistonning qator hududlarida sel ketganligi haqida xabar qilingan edi. Tabiiy ofat oqibatida 130dan ziyod xonadonlar, transport kommunikatsiyalar yaroqsiz holatga kelgan, 550 nafarga yaqin aholi esa xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.
May oyida "Qamchiq" dovonida besh kishi yer o‘pirilishi qurboni bo‘lgan edi.