TOShKENT, 15 avg — Sputnik. O‘zbekiston hukumati “O‘zbektelekom” AJ va va mamlakatning uch yirik banki aksiyalarini chet ellik sarmoyadorlarga sotish g‘oyasidan voz kechdi, deyilgan Vazirlar mahkamasining dushanba kuni e’lon qilingan qarorida.
Yangi qabul qilingan hujjatga ko‘ra, “O‘zbektelekom” AJ, “O‘zbekiston Pochtasi”, O‘zqishloqqurilishbank, Agrobank va Mikrokreditbank, aksiyalari chet ellik sarmoyadorlarga sotilishi majburiy bo‘lmagan korxonalar ro‘yxatidan joy oldi.
Ushbu ro‘yxatga strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xom ashyoni (neft, gaz, qimmatbaho metallar, paxta) qayta ishlash korxonalari, tabiiy monopoliya subyektlari va aholiga muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovar va xizmatlar yetkizib beruvchi korxonalar kirgan.
2015 yilning dekabr oyida qabul qilingan tartibga ko‘ra, AJ tarkibida chet el sarmoyalari hajmi kamida 15 %ni tashkil qilishi kerak edi. 2016-yilning fevralida Hukumat tomonidan 91 AJ ro‘yxati tasdiqlanib, ularga 2016-yilning 1-iyuliga qadar 15 % chet el sarmoyalari jalb qilish belgilangan edi. Ushbu ro‘yxatga “O‘zbektelekom”, “O‘zbekiston pochtasi” va yuqorida ko‘rsatilgan banklar ham kirgan edi.
Dushanba kuni e’lon qilingan qarorga ko‘ra, 26 AJga chet ellik sarmoyadorlarni jalb qilish ushbu yilning 1-noyabrga qadar, 61 AJga esa – 1-dekabriga qadar belgilangan. Hujjatda aytilishiga qaraganda, 17 aksiyadorlik jamiyatlarida rahbarlarning faoliyatsizligi tufayli sarmoyadorlar jalb qilish grafigi buzilgan. Xususan, to‘qqiz AJ rahbarlari o‘z lavozimlaridan bo‘shatilib, ularga nisbatan jazo choralari qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 1-apreldan respublika fond birjasida (Toshkent RFB) 59 korxona va moliya institutlarining qiymati 915 million dollarga teng bo‘lgan davlat ulushini savdoga chiqargan edi.