TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Rossiyalik diplomatlar va harbiylar Anqara rasmiylari bilan o‘tkazgan muzokaralarda Turkiya-Suriya chegarasini yopish talabini qo‘yganlar, deb xabar qilgan RIA Novosti AA "Izvestiya" nashriga ilova qilgan holda.
"Biz terrorchilar va qurol-aslahalar oqimini to‘xtatish uchun, tabiiyki, Suriya-Turkiya chegarasini yopish masalasini ko‘tardik. Jangarilar shu tariqa chetdan "ozuqa" olishdan mahrum bo‘ladi", — deb ta’kidlagan Rossiya Davlat dumasi mudofaa qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Viktor Vodolaskiy.
Vodolaskiyga ko‘ra, bu masala Rossiya milliy xavfsizligiga bevosita bog‘liq.
"Biz o‘z navbatida qurol-yarog‘lar oldi-sotdisi va jangarilar harakati ro‘y berayotgan joylarning sputnik orqali olingan suratlarini Turkiya tomonga taqdim etishimiz mumkin", — deya qo‘shimcha qilgan deputat.
"Izvestiya" nashri esa Turkiya ayni vaqtda Suriya bilan chegarani yopish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgan.
"Turkiyalik muzokarachilarda — xoh u diplomat bo‘lsin, xoh harbiy — manyovr uchun maydonga ega emas. Ularning o‘zlari ham aftidan, ayrim tortishuvli masalalarni tezroq hal etish tarafdori. Shu bois, bizning Suriya bilan chegarani yopish haqidagi talabimizni bajarishdan o‘zga choralari yo‘q", — deb aytmoqda Federatsiya kengashi xalqaro qo‘mitasi a’zosi Igor Morozov.