TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Yana bir necha kundan so‘ng, aniqrog‘i 10-avgustdan boshlab O‘zbekistonda maktab yarmarkasi o‘z ishini boshlaydi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiriga O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi vakili.
Jami 26 turdagi o‘quv qurollari namoyish etiladigan ushbu bozorlar ropa-rosa bir oy davomida faoliyat yuritishi ta’kidlanmoqda. Suhbatdoshning so‘zlariga qaraganda tashkil etilgan savdo yarmarkalari soni 1990 ta bo‘lib, mamlakatning "qadametmas" hududlariga o‘quv qurollari ko‘chma avto-do‘konlar yordamida yetkaziladi.
"Yangi o‘quv yili arafasida mamlakatimizda ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida 1990 ta maktab yarmarkasi tashkil etilmoqda. Bu bozorlarda turli ishlab-chiqaruvchilar tomonidan xilma-xil maktab o‘quv qurollari va jihozlari ommaga namoyish etiladi. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tomonidan oddiy va umumiy daftarlar, kundaliklar, rasm daftarlari savdoga chiqariladi. Narxlar borasiga kelsak, ular har-xil bo‘ladi, oddiy daftarning narxi taxminan 200 so‘mni tashkil qiladi", — deb ta’kidladi manba.
Manbaning so‘zlariga qaraganda, tanqislik yuzaga kelmasligi uchun barcha choralar ko‘rilgan.
Suhbatdoshning so‘zlariga qaraganla tashkil etilayotgan maktab bozorlaridagi mahsulotlarning aksariyati yurtimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan bo‘lib, ularning barchasi chet eldan keltirilayotgan tovarlarga qaraganda sifat jihatdan ancha ustun.
Shuningdek, bu yarmarkalarda kundalik maktab formasi, poyabzal, sport uchun kiyim va ko‘plab boshqa o‘quv uchun zarur mahsulotlarni xarid qilish mumkin bo‘ladi.
Yarmarkalarning barchasi plastik kartochkalar orqali to‘lovni qabul qiladigan terminallar bilan ta’minlanadi, dedi suhbatdosh.
Toshkent shahriga keladigan bo‘lsak, maktab yarmarkalari poytaxtning eng yirik bozorlari — Qo‘yliq, Farhod, Parkent, Mirobod, Yunusobod, Oloy, Sergeli bozorlari, shuningdek, "Askiya", "Kadisheva", "Risoviy", "Chilonzor" bozorlarida faoliyat yuritishi aytilmoqda.